Template created by Joomla 1.6 templates and the best poker webpages: party poker bonus code and best poker sites.

Umumiy ma'lumot

Chop kilish

   Namangan viloyati Pop tumani Farg’ona vodiysining shimoliy, Namangan viloyatining shimoliy-g’arbiy qismida Qurama tog’ tizmalarining janubiy yonbag’ri va Sirdaryo vohasida joylashgan, maydoni 2941 kv. km. Chegarasining uzunligi 333.6 km. bo’lib, shimoldan janubga Chotqol, Qurama tog’ tizmalaridan markaziy Farg’ona tekisliklarigacha bo’lgan kengliklarni egallab, shimoldan Qirg’iziston Respublikasining Jalolobod viloyati, sharqdan Chust va Mingbuloq tumanlari, Farg’ona viloyatining Buvayda va Dang’ara, g’arbdan Tojikiston Respublikasining Asht tumani, Toshkent viloyatining Ohangaron va Bo’stonliq tumanlari bilan chegaradosh. Tuman hududi geologik aktiv zonada joylashgan. Tuman hududida Sirdaryo, Shimoliy Farg’ona va Oxunboboev nomli kanallar, tog’oldi adirlaridan Chodaksoy, G’ovasoy, Jabborsoy, Olmossoy, Uyg’ursoy, Tuzliksoy, O’g’rijarsoy, Selgasoy, tog’lardan Kengqulsoy, Sansalaksoy, Rezaksoy, Quyundisoy, Tollisoy, Chaylisoy, Chuqursoy, Egrisoy, Quzg’untoysoy, Ko’lquygansoylar oqib o’tadi. Shuningdek, tuman hududida Qaznoq va Tavot ko’llari bor. Iqlimi kontinental. Yozi issiq, uzoq, qishi nisbatan yumshoq va qisqa. Tuprog’i asosan bo’ztuproq. Tuman hududida Sirdaryo havzasining janubiy qismi 300-350 metr, havzasining shimoliy qismi 1000-1500 metr, tog’li hududlari 2500-3400 metr dengiz sathidan balandlikda joylashgan. Tog’ yonbag’irlarida yong’oqzorlar, olchazorlar, olmazorlar, 300 metrdan yuqorida archazorlar bor. Undan yuqorida yozgi yaylovlar mintaqasi joylashgan. Tuman hududida turli-tuman, boy flora va fauna dunyosi bor.